O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 73 ta xorijiy kompaniya 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida jami 124,8 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44 foizga yuqori bo‘lib, elektron xizmatlar sohasidagi faoliyat hajmi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy qiymati 1,05 trillion so‘mni tashkil etgan.
To‘langan soliqlarning 93 foizi atigi o‘n nafar yirik xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniyalar ro‘yxatida quyidagilar yetakchilik qilmoqda:
- Meta — 35,2 mlrd so‘m
- Apple — 35,1 mlrd so‘m
- Google — 31,2 mlrd so‘m
- OpenAI — 4,7 mlrd so‘m
- Booking.com — 2,9 mlrd so‘m
- TikTok — 2,6 mlrd so‘m
- Netflix — 1,3 mlrd so‘m
- Acca — 1,1 mlrd so‘m
- Zoom — 1,1 mlrd so‘m
- Amazon — 1,0 mlrd so‘m
2024-yilning yanvar–sentabr oylarida esa xorijiy kompaniyalar tomonidan 86,3 mlrd so‘m soliq to‘langan edi.
Davlat soliq xizmati ta’kidlashicha, elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari har chorak yakunidan so‘ng keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay soliq hisobotlarini taqdim etishlari va soliq to‘lovlarini amalga oshirishlari lozim.