O‘zbekiston Markaziy banki “Yangi Bank” aksiyadorlik jamiyatini tugatish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Qonunchilik talablariga muvofiq, bankni tugatish bo‘yicha Tugatish komissiyasi tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshlagan.
Ayni vaqtda “Yangi Bank” AJdagi omonatchilar ro‘yxati (reyestri) shakllantirilmoqda. Ushbu jarayon 8 ish kuni davom etishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, 2 ish kuni ichida Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya to‘lovlari miqdori hamda agent-bank to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-sayt orqali e’lon qilinadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu axborot taxminan 28-yanvar kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Markaziy bank ta’kidlashicha, “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardagi kafolatlangan omonatlari davlat tomonidan belgilangan tartib va miqdorlarda himoyalanadi. “Yangi Bank” AJdagi kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Mas’ul tashkilotlar tugatish jarayoni shaffoflik, qonuniylik va omonatchilar manfaatlarini to‘liq himoya qilish tamoyillari asosida olib borilishini ma’lum qilmoqda.
Omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlariga oid savollar yuzasidan fuqarolar Omonatlarni kafolatlash agentligining +998 55 550 05 00 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin. Bankni tugatish jarayoniga doir umumiy masalalar bo‘yicha esa Tugatish komissiyasining call-markazi orqali ma’lumot olish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan “Yangi Bank” AJning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingan edi. Mazkur qaror natijasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan banklar soni 35 tadan 34 taga qisqardi.
So‘nggi marta bank litsenziyasining bekor qilinishi 2025-yil avgust oyida bo‘lgan bo‘lib, o‘shanda regulyator Qozog‘istonga tegishli bo‘lgan “Yevroosiyo banki”ning O‘zbekistondagi litsenziyasini bekor qilgan edi.