Shanba, 11 Aprel

O‘zbekistonda karta o‘tkazmalari ustidan “aqlli” nazorat kuchaytiriladi

Soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira — yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hisoblanadi.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida moliyaviy operatsiyalar ustidan nazorat yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Xususan, karta orqali amalga oshiriladigan o‘tkazmalar (P2P operatsiyalar) endilikda kengroq monitoring qilinadi.

Davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan faol foydalanish orqali “aqlli” nazorat tizimini joriy etish zarur. Ushbu tizim orqali 2026-yilda davlat budjetiga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum ta’minlash rejalashtirilgan.

Yangi yondashuv doirasida:

  • karta o‘tkazmalari va P2P operatsiyalar monitoringi kuchaytiriladi,
  • tovarlarni markirovkalash tizimi kengaytiriladi,
  • yuklarni hujjatsiz tashish holatlari avtomatik aniqlanadi,
  • norasmiy bandlikni rasmiylashtirish choralari kuchaytiriladi.

Soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira — yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hisoblanadi. So‘nggi yillarda soliq bazasi kengaygani sababli budjet tushumlari iqtisodiyot o‘sish sur’atlaridan tezroq oshmoqda.

Shu bilan birga, bozorlar va savdo majmualarida raqamlashtirish darajasi hali yetarli emasligi qayd etildi. Masalan, minglab tadbirkorlar juda past aylanma ko‘rsatmoqda yoki umuman real tushumlarini aks ettirmayapti. Bu esa soliq tushumlarining to‘liq shakllanmasligiga olib kelmoqda.

Yangi tizim joriy etilishi natijasida:

  • soliq nazorati yanada shaffoflashadi,
  • noqonuniy aylanmalar qisqaradi,
  • tadbirkorlar uchun adolatli va qulay muhit yaratiladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda soliq tizimi “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilinmoqda. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt orqali iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish kelgusida budjet barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid