Shanba, 11 Aprel

Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan esdalik tangalari sotuvga chiqarildi

Sotuv doirasida Amir Temur siymosi aks ettirilgan, har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi ikki xil dizayndagi esdalik tangalari taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan buyuk sarkarda va davlat arbobi — Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan esdalik tangalari hamda maxsus suvenir to‘plamlari sotuvga chiqarildi.

Mazkur tashabbus tarixiy merosni keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda kolleksion tangalar bozorini rivojlantirishga qaratilgan.

Sotuv doirasida Amir Temur siymosi aks ettirilgan, har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi ikki xil dizayndagi esdalik tangalari taqdim etilgan. Shuningdek, har biri 31,1 grammdan iborat bo‘lgan uchta tangadan tashkil topgan suvenir to‘plamlari ham xaridorlarga taklif etilmoqda.

Tangalar 999,9 asillik darajasidagi sof oltin va kumushdan tayyorlangan bo‘lib, yuqori sifat, nozik ishlov va badiiy dizayni bilan ajralib turadi. Ularning yuz qismida Sohibqiron Amir Temurning siymosi tasvirlangan bo‘lsa, orqa tomonida “Temur tuzuklari”dan olingan hikmatli so‘zlar zarb etilgan.

Mazkur esdalik tangalari nafaqat investitsiya vositasi, balki tarixiy va madaniy ahamiyatga ega kolleksion mahsulot sifatida ham qadrlanadi. Ular milliy merosni aks ettiruvchi noyob numizmatik namunalar qatoriga kiradi.

Tangalar narxlari hamda tijorat banklaridagi mavjudligi to‘g‘risidagi yangilangan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali har kuni e’lon qilib boriladi.

10-aprel holatiga esdalik tangalar narxlari

Oltin tanga (31,1 g, 999,9)

  • Sotish narxi: 61 145 000 so‘m
  • Qayta sotib olish narxi: 57 069 000 so‘m

Kumush tanga (31,1 g, 999,9)

  • Sotish narxi: 1 811 000 so‘m
  • Qayta sotib olish narxi: 888 000 so‘m

Eslatma: Xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasiga bog‘liq holda tangalar narxlari kun davomida o‘zgarishi mumkin. Yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy manbalarida muntazam e’lon qilib boriladi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid