Chorshanba, 13 May

O‘zbekistonda avtomobillar savdosi mart oyida keskin oshdi

Mart oyida respublika bo‘yicha jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan.

2026-yil mart oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar bozori sezilarli darajada faollashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tahliliga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab avtomobil savdosi keskin oshgan.

Mart oyida respublika bo‘yicha jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 19 foizga, yillik hisobda esa 20,6 foizga o‘sishni anglatadi. Mazkur ko‘rsatkichlar bozor faolligi ayniqsa mart oyida sezilarli darajada tezlashganini ko‘rsatmoqda.

Hududlar kesimida qaralganda, aksariyat viloyatlarda o‘sish qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida kuzatilib, avtomobil savdosi bir oy ichida 60,5 foizga oshgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 51,4 foiz, Toshkent viloyatida 46 foiz, Sirdaryo viloyatida 34,5 foiz hamda Navoiy viloyatida 27,5 foiz o‘sish qayd etilgan. Shu bilan birga, Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida savdo faolligi pasaygan.

Birlamchi bozorda, ya’ni yangi avtomobillar segmentida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Mart oyida yangi avtomobillar savdosi 31 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 13 foizga, yillik hisobda esa 37 foizga oshgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 25 ming donaga yetib, oylik 3,8 foiz va yillik 26,5 foiz o‘sishni ko‘rsatgan. Xorijiy avtomobillar segmentida esa o‘sish yanada yuqori bo‘lib, mart oyida savdo hajmi deyarli ikki baravarga oshib, 5,7 ming donaga yetgan. Yillik hisobda ham ushbu segmentda ikki baravardan ortiq o‘sish qayd etilgan.

Ikkilamchi, ya’ni foydalanilgan avtomobillar bozori ham faollashgan. Mart oyida ushbu segmentda 47,5 ming dona avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan oyga nisbatan 23 foiz, yillik hisobda esa 12 foiz o‘sishni anglatadi.

Shu bilan birga, elektromobillar bozori ham jadal rivojlanmoqda. Mart oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 5,5 ming dona elektromobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘pdir. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Xorazm viloyatida qayd etilib, bu yerda savdo hajmi 5 baravarga oshgan. Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida 2,9 baravar hamda Farg‘ona viloyatida 2,2 baravar o‘sish kuzatilgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid