Avvalroq Prezident tomonidan “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuvni ta’minlashga qaratilgan yangi tartiblar joriy etiladi.
Unga ko‘ra, davlat xizmatiga kirish jarayonlari yanada ochiq, shaffof va adolatli bo‘lishi uchun bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, suhbat bosqichida beriladigan savollar va topshiriqlar davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida kamida bir oy oldin e’lon qilinishi shart bo‘ladi. Agar savollar oldindan e’lon qilinmagan bo‘lsa, ularni nomzodlarga berish qat’iyan taqiqlanadi. Bu esa tanlov jarayonida inson omilini kamaytirish va barcha nomzodlar uchun teng sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ayrim lavozimlar uchun ichki tanlovlar bekor qilinadi. Endilikda ayrim ish o‘rinlari uchun umuman ish staji talab qilinmaydi, boshqa lavozimlarda esa maksimal talab 2 yil bilan cheklanadi. Bu o‘zgarishlar yosh mutaxassislar uchun davlat xizmatiga kirishni ancha osonlashtiradi.
Qarorda yana bir muhim yangilik — mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblar reyestrini shakllantirishdir. Ushbu reyestr orqali qaysi kasblarga ehtiyoj yuqori ekani aniqlanadi va yoshlar aynan shu yo‘nalishlarda tayyorlanadi.
Reyestrga kiritilgan kasblar bo‘yicha tahsil olgan yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun milliy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar mehnat bozorida ustunlikka ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, zamonaviy kasblar bo‘yicha milliy sertifikat olgan ayrim toifadagi yoshlarning xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Xususan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun o‘qish va imtihon xarajatlari to‘lab beriladi. “Kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kirgan oilalar farzandlariga esa faqat imtihon topshirish xarajatlari qoplanadi. Ushbu mablag‘lar “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrgacha har bir tuman va shaharda texnikumlar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida zamonaviy kasb-hunar ustaxona-laboratoriyalari tashkil etiladi. Bunday ustaxonalarni ochish tashabbusi bilan chiqqan fuqarolarga BHMning 1 200 baravarigacha, ya’ni qariyb 494 million so‘mgacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi. Ushbu mablag‘ 3 yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan beriladi.
Yana bir muhim yo‘nalish — startap va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash. 2026-yildan boshlab tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo‘lgan loyihalar asosida texnikumlar huzurida spin-off korxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu korxonalarga startap loyihalarni amalga oshirish uchun 1 milliard so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.
Shu bilan birga, bunday korxonalarda davlat ulushi kamida 5 yil davomida xususiylashtirilmaydi. Ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan bino va inshootlari esa 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga beriladi, bu esa yosh tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.