2026-yil 29-apreldan boshlab O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi — UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) rasman boshlandi. Taklif 12-mayga qadar davom etadi va shu muddat ichida investorlar o‘z arizalarini topshirishlari mumkin.
IPO doirasida investorlarga ikki xil instrument taklif etilmoqda: oddiy aksiyalar hamda global depozitar tilxatlar (GDR). Chakana investorlar uchun aksiyalar narxi 4,65 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 12 milliard so‘mgacha sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslar uchun 5 foizlik chegirma qo‘llanib, narx 4,41 so‘mgacha tushiriladi. Xalqaro investorlar uchun esa har bir GDR narxi 25 dollarni tashkil etadi (1 GDR = 64 700 dona aksiya).
Arizalarni qabul qilish muddati xalqaro investorlar uchun London vaqti bilan soat 12:00 gacha, Toshkentda esa soat 17:00 gacha davom etadi.
Mazkur IPO orqali jami chiqarilgan 5 trilliondan ortiq aksiyalarning qariyb 30 foizi sotuvga qo‘yilmoqda. Shu asosda fondning umumiy qiymati taxminan 1,95 milliard dollarga baholanmoqda. Agar talab yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda yana 15 foizgacha aksiyalar chiqarilishi mumkin.
E’tiborlisi, yirik xalqaro investorlar — BlackRock va Franklin Resources allaqachon qariyb 300 million dollarlik GDR xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Chakana investorlar aksiyalarni mahalliy brokerlar yoki Jett platformasi orqali sotib olishlari mumkin. Buning uchun oldindan brokerlik hisobvarag‘i ochish talab etiladi.
IPO yakunlangach, 18-may kuni UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida, GDR’lar esa London fond birjasida savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, UzNIF portfelida davlatga qarashli 13 ta yirik kompaniyaning 25–40 foizgacha ulushlari mavjud bo‘lib, jamg‘arma aktivlarining umumiy qiymati 2,44 milliard dollardan oshadi.