O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Bu bo‘yicha tegishli hujjat Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi.
Yangilangan reyestrga ko‘ra, QQSdan ozod etilgan agrar mahsulotlar soni 518 taga yetdi. Ro‘yxatga sabzavot, meva, rezavor, go‘sht va sut mahsulotlari kabi turli toifadagi mahsulotlar kiritilgan.
Aprel oyidan boshlab ro‘yxat yana 14 ta yangi pozitsiya bilan to‘ldirildi. Xususan, quyidagi mahsulotlar QQS imtiyozlari qamroviga kiritildi:
— tirik baliq;
— yirik va mayda shoxli qoramol;
— otlar, cho‘chqalar, tuyalar va eshaklar;
— asalari paketlari va ipak qurti;
— ko‘chatlar hamda ferula (kovrak) smolasi.
Mazkur imtiyozlarni belgilovchi dastlabki hujjat 2025-yil yakunida kelishilgan bo‘lib, unda qator agrar mahsulotlar QQSdan ozod etilgan edi. Ular orasida meva-rezavor ekinlari, sabzavot va ko‘katlar, kartoshka, dukkakli hamda bug‘doydan tashqari don ekinlari, tarvuz-qovun va ziravorlar, yangi hamda muzlatilgan go‘sht, parranda tuxumlari, baliq va dengiz mahsulotlari, shuningdek sut va sut mahsulotlari mavjud.
Amaldagi reyestrga o‘zgartirishlar viloyat hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda ushbu mahsulotlarni yetishtiruvchi tadbirkorlarning tashabbuslari asosida kiritilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda naslli chorva mollarini import qiluvchilar 2029-yilgacha QQS to‘lashdan ozod etilishi ma’lum qilingan edi.