19-may kuni imzolangan Prezident farmoniga asosan, soliq xizmati xodimlariga ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun to‘lanadigan har oylik ustamalar miqdori oshiriladi.
2026-yil 1-iyundan boshlab soliq organida kamida 1 yil ishlagan xodimlarga quyidagi miqdorlarda ustama to‘lanadi:
- ish staji 1 yildan 3 yilgacha bo‘lganda – 30 foiz;
- ish staji 3 yildan 5 yilgacha bo‘lganda – 60 foiz;
- ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda – 80 foiz;
- ish staji 10 yildan 15 yilgacha bo‘lganda – 100 foiz;
- ish staji 15 yildan 20 yilgacha bo‘lganda – 120 foiz;
- ish staji 20 yildan oshganda – 150 foiz.
Shuningdek, ayni sanadan boshlab xalqaro malaka darajalari yoki sertifikatlariga ega barcha darajadagi soliq xizmati xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Farmonga ko‘ra, 1-iyundan boshlab soliqlarni to‘lash muddatini buzganlik uchun hisoblangan penyalar, jumladan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qo‘shimcha undirilgan summalar bo‘yicha penyalar hamda soliq qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llangan moliyaviy jazolar summasining Soliq qo‘mitasi maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan qismi 40 foiz etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq tizimi rivojiga alohida hissa qo‘shgan hamda sohada tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.