Chorshanba, 3 Iyun

1-iyun narxlari: Bir oyda Toshkent bozorlarida narxlar qanday o‘zgardi?

Narxlar 2026-yil 1-may holati bilan taqqoslanganda ayrim mahsulotlarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyun holatida Toshkent shahridagi Yangi Qo‘yliq dehqon bozori (“Food City” savdo majmuasi) hamda “Eski juva” — “Chorsu” dehqon bozoridagi ulgurji narxlar yangilandi. Narxlar 2026-yil 1-may holati bilan taqqoslanganda ayrim mahsulotlarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

“Chorsu” dehqon bozorida mol go‘shti narxlari 75 000–106 000 so‘m oralig‘ida saqlanib qolgan. Biroq ayrim turlar bo‘yicha o‘zgarishlar mavjud. Masalan, sarpanja go‘shtining maksimal narxi 95 ming so‘mdan 90 ming so‘mga tushgan. Sovutilgan import mol go‘shtining minimal narxi esa 88 ming so‘mdan 80 ming so‘mga pasaygan.

Qo‘y go‘shti segmentida esa narxlar oshgan. Qo‘y go‘shtining umumiy narxi 88 000–115 000 so‘mdan 90 000–130 000 so‘mga ko‘tarilgan. Sovutilgan import qo‘y go‘shtining maksimal narxi ham 115 ming so‘mdan 130 ming so‘mga oshgan.

Yangi Qo‘yliq dehqon bozori (“Food City”)da sabzavotlar orasida eng katta arzonlashuv sarimsoq piyozda qayd etildi. Uning narxi 12 000–18 000 so‘mdan 4 000–10 000 so‘mga tushgan. Shuningdek, bulg‘or qalampiri 15 000–35 000 so‘mdan 5 000–20 000 so‘mgacha, baqlajon esa 18 000–22 000 so‘mdan 6 000–7 000 so‘mgacha arzonlashgan.

Pomidorning maksimal narxi 22 ming so‘mdan 13 ming so‘mga, bodringning maksimal narxi esa 15 ming so‘mdan 11 ming so‘mga pasaygan. Kartoshka narxlari ham arzonlashib, 4 000–6 900 so‘mdan 2 000–6 000 so‘m oralig‘iga tushgan.

Mevalar segmentida ham ayrim o‘zgarishlar kuzatildi. Bananning maksimal narxi 25 ming so‘mdan 19 ming so‘mga, qovunning maksimal narxi 10 ming so‘mdan 9 ming so‘mga pasaygan. Limonning maksimal narxi esa aksincha, 42 ming so‘mdan 50 ming so‘mga oshgan. Ananas narxi ham sezilarli ko‘tarilib, 14–25 ming so‘mdan 30–50 ming so‘m oralig‘iga yetgan.

Dukkakli mahsulotlar va guruch narxlarida katta o‘zgarish kuzatilmadi. Mosh, no‘xat va loviya narxlari avvalgi darajada qolgan bo‘lsa, guruchning minimal narxi 10 ming so‘mdan 12 ming so‘mga oshgan.

Umuman olganda, may oyiga nisbatan iyun boshida sabzavotlarning aksariyati arzonlashgan, go‘sht mahsulotlari orasida esa ayniqsa qo‘y go‘shti narxlarida sezilarli o‘sish qayd etilgan. Mevalar narxlari esa asosan barqaror saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ayrim import mahsulotlarda qimmatlashuv kuzatilgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid