Raqobat qo‘mitasi Anor bank’ga reklama qonunchiligini buzganligi uchun moliyaviy jarima qo‘lladi. Bunga Instagram’da joylashtirilgan reklamada aksiya shartlari to‘liq ko‘rsatilmagani sabab bo‘lgan.
Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida «Anor bank» AJ tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axborotini o‘rgandi.
Murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan reklama materiallarida aksiya shartlari haqida to‘liq ma’lumot berilmagani ta’kidlangan.
O‘rganishlar davomida reklamada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga oid shartnomaning muhim shartlari aks ettirilmagani aniqlandi. Xususan, aksiyaning amal qilish shartlari, unga belgilangan limit hamda limitdan oshgan hollarda qo‘llaniladigan komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar reklamada mavjud bo‘lmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan bankka nisbatan O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16-, 21- va 43-moddalari talablari buzilgani alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, «Anor bank» AJga moliyaviy jarima qo‘llanildi. Biroq jarima miqdori ochiqlanmadi.
Shuningdek, bankka aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.