Seshanba, 1 Sentabr

2027-yildan uylarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash qanday bo‘ladi?

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali yangi cheklov barcha turdagi boʻlib-boʻlib toʻlash savdolariga taalluqli emasligini tushuntirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan boshlab uy-joylarni “rasrrochka”ga olish imkoniyati bekor qilinishi haqida turli talqinlar tarqalmoqda.

Aslida esa qarorda ko‘chmas mulkni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish to‘liq taqiqlanmagan.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali yangi cheklov barcha turdagi boʻlib-boʻlib toʻlash savdolariga taalluqli emasligini tushuntirdi.

Gap muddatli to‘lov operatorlari haqida

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati tartibga solinadi. Bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar muddatli to‘lov operatorlari hisoblanadi.

Hujjatning 3-bandi “d” kichik bandida ko‘chmas mulk operator tomonidan ko‘rsatiladigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmasligi belgilangan.

Ya’ni, alohida muddatli to‘lov operatori orqali uy-joyni “rasrrochka”ga xarid qilish imkoniyati bo‘lmaydi.

Quruvchidan uy olish mumkinmi?

Ha. Qarorning 3-bandi “a” kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shu sababli quruvchi o‘zi qurgan uy-joyni xaridorga bevosita, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida sotishi mumkin. Qaror bunday savdoni taqiqlamaydi.

Demak:

  • 🏢 Operator orqali uy-joyni “rasrrochka”ga olish — mumkin bo‘lmaydi;
  • 🏗️ Quruvchining o‘zidan uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga olish — mumkin;
  • 📑 Operatorlar faoliyati esa alohida tartibga solinadi.

Shuningdek, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati ustidan nazorat o‘rnatiladi. Operatorlarning shartnomalari, ustama va komissiyalariga ham tegishli talablar belgilanadi.

Shunday qilib, “2027-yildan uylarni rasrrochka qilish butunlay taqiqlanadi” degan xulosa noto‘g‘ri. Gap aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid