Shanba, 17 Oktabr

1-oktabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Toshkentdagi yo‘l haqi va suv tariflaridan tortib kreditlar, jarimalar, bank kartalari va qurilishgacha — 1-oktabrdan nimalar o‘zgaradi?

1-oktabrdan O‘zbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar, avtomobil egalari va eksport-import bilan shug‘ullanuvchilar uchun qator yangi tartib va imkoniyatlar kuchga kiradi.

O‘zgarishlar orasida Toshkent jamoat transporti tariflari, tadbirkorlar uchun kredit foizlarini kompensatsiya qilish, import va eksport jarayonlarini soddalashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda moliyaviy jarimalarni to‘lash tartibiga oid yangiliklar bor.

Toshkentda avtobus va metro yo‘l haqi oshadi

1-oktabrdan Toshkent shahrida ATTO orqali bir martalik yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mgacha oshiriladi. Naqd to‘lovda esa tarif 3 000 so‘m bo‘lib qoladi.

Birinchi to‘lovdan keyin bir soat ichida boshqa avtobus yoki metroga o‘tilsa, keyingi safar uchun 1 500 so‘m to‘lanadi. Shu vaqt ichida avtobusga uchinchi va undan keyingi o‘tishlar bepul bo‘ladi.

Bagaj tashish narxi esa 4 000 so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, ATTO kartalari uchun yangi tariflar joriy etiladi. Masalan, avtobuslarda bir oylik cheksiz yo‘l haqi 250 ming so‘m, avtobus va metro uchun esa 345 ming so‘m bo‘ladi. Talabalar, o‘quvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nafaqa oluvchilar uchun 50 foizlik chegirma saqlanadi.

Tadbirkorlarning kredit foizlari kompensatsiya qilinadi

O‘zini o‘zi band qilganlar hamda kichik va o‘rta biznes vakillari uchun tijorat banklaridan olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi ishga tushiriladi.

Kompensatsiya tuman va shahar shtablarining qarorlari asosida tegishli mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Bunda loyiha samaradorligi va mahalliy sharoitlar hisobga olinadi. Bir kredit bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Import va eksport qiluvchilar uchun yangi imkoniyatlar

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ham yangi tartiblar joriy etiladi.

Xavf darajasi past bo‘lgan va QQS guvohnomasi faol tadbirkorlarga importda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi.

Eksport jarayonida esa bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya va fumigatsiya hamda tovar kelib chiqishi sertifikati bilan bog‘liq ayrim yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamaytiriladi.

Jarima maydonchalari elektron tizimga o‘tadi

Toshkentda ushlangan avtomobillarni jarima maydonchalariga olib kirish, saqlash, hisobga olish va olib chiqish jarayonlari “Jarima maydonchasi” elektron moduli orqali amalga oshiriladi.

Avtomobilni olib chiqish uchun ruxsatnoma QR-kod orqali tasdiqlanib, haydovchiga elektron shaklda yuboriladi.

Jarima maydonchalarining axborot tizimlari ham yagona tizimga integratsiya qilinadi.

Yagona portalda bank kartalari va telefon raqamlarini boshqarish mumkin bo‘ladi

1-oktabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin.

Ayrim raqamlarni vaqtincha o‘chirish, xizmatni to‘xtatish bo‘yicha ariza yuborish, bank kartasini bloklash yoki yopish uchun bankka murojaat qilish imkoniyati ham yaratiladi.

Shuningdek, fuqaro nomidagi ko‘chmas mulk va avtomobillarni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish kabi xizmatlar ham elektron shaklga o‘tkaziladi.

Ism yoki familiya o‘zgarsa, davlat tizimlari avtomatik yangilanadi

Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi kabi ma’lumotlari o‘zgarganda, tegishli davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi.

Buning uchun fuqaro alohida ariza berishi shart emas.

O‘zgarishlar ID-karta, avtomobil, ta’lim, soliq, tadbirkorlik, mehnat va ko‘chmas mulk tizimlaridagi ma’lumotlarga ham tatbiq etiladi.

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolganidan ozod bo‘lishi mumkin

1-oktabrdan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy jarimalarni to‘lashning yangi imkoniyati paydo bo‘ladi.

Jarima haqidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizi to‘lansa, qolgan 50 foizini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng qismlarda to‘lash imkoniyati ham mavjud.

Elektrotexnika korxonalariga $5 mln gacha kredit

Elektrotexnika sanoatida faoliyat yurituvchi korxonalarga aylanma mablag‘larni moliyalashtirish uchun $5 mln gacha kredit ajratish mexanizmi joriy qilinadi.

Kreditlar 2 yilgacha muddatga, 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada beriladi.

Agar kredit birinchi yil ichida to‘liq so‘ndirilsa, foiz stavkasi 4 foizgacha qayta hisoblanadi.

Toshkent viloyatida suv tariflari oshadi

1-oktabrdan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv tariflari ham o‘zgaradi.

Aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvi 2 600 so‘mdan 3 100 so‘mga, oqova suv esa 1 300 so‘mdan 1 500 so‘mga oshiriladi.

Budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun ichimlik suvi tarifi 16 ming so‘m, oqova suv tarifi esa 4 ming so‘m etib belgilanadi.

Qurilish obyektlariga yagona identifikator beriladi

1-oktabrdan qurilish obyektlarini kuzatish uchun yagona identifikator joriy qilinadi.

U “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasi va “Shaffof qurilish” tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Yagona identifikator olinmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

Suv tejovchi texnologiyalar uchun yangi subsidiya va kreditlar

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qiladigan tashabbuskorlar uchun subsidiya va kredit tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

O‘z mablag‘i hisobidan texnologiya o‘rnatadiganlarga subsidiya ikki bosqichda beriladi: 50 foizi oldindan, qolgan 50 foizi texnologiya ishga tushirilgandan keyin.

Tijorat banklari esa suv tejovchi texnologiyalar uchun har bir gektarga 20 mln so‘mgacha kredit ajratishi mumkin.

Yana qanday yangiliklar bor?

1-oktabrdan Buxoroning tarixiy qismida elektroskuter, elektrosamokat, moped, riksha va ayrim boshqa transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar joriy etiladi.

Shuningdek, 15-oktabrdan 30-noyabrgacha O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilib, mamlakatdagi iqtisodiy birliklar va faoliyat yuritayotgan subyektlar haqidagi ma’lumotlar aniqlashtiriladi.

Ayrim fuqarolar uchun teatr, kino va konsertlarga bepul vaucherlar ajratish tizimi ham joriy qilinadi. Har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabaga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlariga vaucher berilishi ko‘zda tutilgan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid