Shanba, 17 Oktabr

UzAuto Motors’ni sotib olishga AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqmoqda

UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga tayyorlash ishlari qariyb ikki yildan buyon davom etmoqda.

AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors’ni sotib olishga qiziqish bildirgan. Biroq potensial xaridorlarning hech biriga ustunlik berilmaydi — korxonani xususiylashtirish xalqaro raqobat asosida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Agentlik rahbariga ko‘ra, UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga tayyorlash ishlari qariyb ikki yildan buyon davom etmoqda. O‘tgan yili ushbu jarayonga xalqaro konsalting kompaniyasi Alvarez & Marsal jalb qilingan. Kompaniya xalqaro audit o‘tkazish, tahliliy materiallarni tayyorlash va korxonani sotishga tayyorlash uchun tanlov asosida saralab olingan.

Murodovning ta’kidlashicha, maslahatchini tanlashda uning avtomobil sanoatidagi yirik xalqaro bitimlarda ishtirok etish tajribasi hamda soha mutaxassislariga ega ekani hisobga olingan.

Agentlik direktori ayrim kompaniyalarning qiziqish bildirishi ularga xaridor sifatida kafolat bermasligini alohida qayd etdi. Aktivni sotib olish uchun ariza topshirish yoki bunday niyatni omma oldida e’lon qilish investorning tanlovda g‘olib bo‘lishini anglatmaydi.

Hozirda agentlik xususiylashtirish modelini shakllantirish va keyingi bosqichlar muddatlarini belgilash ustida ishlamoqda. Shundan so‘ng savdolarni tashkil etish uchun xalqaro maslahatchi jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Keyingi bosqichlarda korxonaning mustaqil xalqaro baholashi hamda har tomonlama tekshiruvi — due diligence o‘tkaziladi. Tayyorgarlik yakunlangach, xususiylashtirish jarayoni boshlangani xalqaro axborot kanallari va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.

Potensial investorlar dastlab o‘z qiziqishlarini bildiradi. Keyin ulardan majburiyat yuklamaydigan, undan so‘ng esa majburiy kuchga ega takliflar qabul qilinadi. Eng maqbul takliflarni taqdim etgan talabgorlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bitim shartlari davlat talablari, jumladan, litsenziya shartlari va ularning amal qilish muddatlari hisobga olingan holda belgilanadi. Barcha tartib-taomillar yakunlangach, xususiylashtirish natijalari e’lon qilinadi.

Rejalashtirilayotgan bitim doirasida UzAuto Motors’ning 99,7 foiz hamda UzAuto Motors Powertrain’ning 100 foiz ulushini sotish ko‘zda tutilgan. Qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor jarayonda qatnashishi mumkin. Alohida talabgorlarga imtiyoz yoki ustunlik huquqi berilmaydi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid