Payshanba, 26 Noyabr

Muddatli to‘lov asosida savdo qiluvchi tashkilotlar uchun yangi talablar joriy etilishi kutilmoqda

Choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan ortiq va muddatli to‘lov asosidagi savdolar ulushi kamida 50 foiz bo‘lgan tashkilotlarni Markaziy bankda hisobga olish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda tovarlarni muddatli to‘lov asosida sotuvchi ayrim savdo tashkilotlarini Markaziy bankda hisobga olish tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan tegishli nizom loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Yangi tartib muddatli to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tashkilotlarni hisobga olishni nazarda tutadi.

Qaysi tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tishi kerak?

Nizom loyihasiga muvofiq, quyidagi ikkala mezonga bir vaqtning o‘zida javob beradigan savdo tashkilotlari Markaziy bankda hisobga turishi shart bo‘ladi:

  • choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa;
  • jami savdo aylanmasining kamida 50 foizi bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosidagi savdolar hissasiga to‘g‘ri kelsa.

Mazkur talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etilmaydi.

Tashkilotlar qanday aniqlanadi?

Muddatli to‘lov asosida savdo qiluvchi tashkilotlar Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladigan elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklari ma’lumotlari asosida har chorakda aniqlanadi.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotlar hisobot choragi yakunlanganidan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay Markaziy bankka hisobga turish uchun ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Muddatli to‘lov xizmatlari reyestri yuritiladi

Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi operatorlar Markaziy bank tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritiladi.

Bunda banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa hisobga olish tartibidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotlarning hisobga turmasdan faoliyat yuritishi nizom talablarining buzilishi hisoblanadi.

Yangi tartib qachondan kuchga kiradi?

Yangi tartibni 2027-yil 1-yanvardan joriy etish rejalashtirilgan. Nizom loyihasi 2026-yil 1-dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning PQ-294-son qaroriga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari Markaziy bank reyestriga kiritilganidan keyingina ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilangan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid