Bank Kuzatuv kengashi moliyaviy barqarorlikni saqlash, boshqaruv uzluksizligini ta’minlash hamda mijozlar va omonatchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Turonbank boshqaruvi raisi Chori Mirzayevning yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanib qo‘lga olingani haqidagi xabarlar ortidan bank navbatdagi rasmiy bayonotini e’lon qildi.
20-noyabr kuni Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, Chori Mirzayev Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.
Chori Mirzayev 2016-yil 23-sentabrdan buyon Turonbank boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Bankning rasmiy bayonotiga ko‘ra, yangi tarkibda shakllantirilgan Kuzatuv kengashi yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganib, uning bank faoliyatiga ehtimoliy ta’sirini muntazam ravishda baholab bormoqda.
Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlari doirasida bank boshqaruvi uzluksizligini ta’minlash, mijozlar, omonatchilar va ishbilarmon hamkorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Bank barcha xizmatlar odatiy tartibda va uzluksiz ko‘rsatilayotgani, mijozlar hamda hamkorlar oldidagi majburiyatlar belgilangan tartibda bajarilayotganini ta’kidladi.
Kuzatuv kengashi bank faoliyatining quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab o‘tdi:
- moliyaviy barqarorlikni ta’minlash;
- bank boshqaruvi uzluksizligini saqlash;
- mijozlar va omonatchilar manfaatlarini himoya qilish;
- tavakkalchiliklarni samarali boshqarish;
- vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.
Shuningdek, bank yuzaga kelgan vaziyat xolisona baholanayotgani hamda Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlari doirasida tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qilayotganini bildirdi.
Turonbank mijozlar, hamkorlar va keng jamoatchilik uchun ahamiyatli bo‘lgan muhim qarorlar haqida rasmiy axborot kanallari orqali o‘z vaqtida ma’lumot berib borishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, shaxsning aybi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan isbotlanmaguniga qadar u aybsiz hisoblanadi.