Chorshanba, 13 May

Birinchi chorakda aholining banklar bilan valyuta savdosi 1,5 baravarga oshdi

Hisobot davrida xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy talab 14,6 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan.

2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif hajmlari sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning choraklik sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, hisobot davrida xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy talab 14,6 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan. Shu bilan birga, valyuta taklifi ham 12,2 mlrd dollarga yetib, 27 foizga o‘sdi.

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, taklif o‘sish sur’atlari talabga nisbatan biroz yuqoriroq shakllangan bo‘lsa-da, yuridik shaxslar tomonidan valyutaga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi bozor muvozanatiga ta’sir ko‘rsatgan.

Valyutaga talabning oshishida asosiy omillardan biri iqtisodiy faollikning kuchayishi bo‘ldi. Xususan, investitsiya va iste’mol talabining ortishi import hajmlarini kengaytirgan.

Hisobotda qayd etilishicha, sotib olingan xorijiy valyutaning:

  • 47 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar va xomashyo importiga,
  • 29 foizi xorijiy kreditlarni so‘ndirishga,
  • 20 foizi iste’mol tovarlari va dori-darmonlarga yo‘naltirilgan.

2026-yil yanvar–mart oylarida yuridik shaxslarning valyutaga bo‘lgan talabi 23 foizga oshdi. Shu bilan birga, ular tomonidan valyuta taklifi 11 foizga ko‘paydi.

Eksport tushumlari ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 4,2 mlrd dollarga yetdi. Ushbu mablag‘larning 52 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan.

Bundan tashqari, banklar tomonidan jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan bozorga 2,3 mlrd dollar qo‘shimcha valyuta taklifi kiritildi.

Jismoniy shaxslar ham ichki valyuta bozorida muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. Hisobot davrida:

  • aholi tomonidan banklarga 6 mlrd dollar sotildi (1,5 barobar o‘sish),
  • 3,2 mlrd dollar sotib olindi (31 foiz o‘sish).

Natijada, jismoniy shaxslar segmentida ijobiy saldo 2,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 3,8 mlrd dollar kirib kelib, o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga oshgan. Shu bilan birga, mamlakatdan chiqib ketgan mablag‘lar 604 mln dollarni tashkil etib, kamayish qayd etilgan.

Yuqoridagi omillar ta’sirida 2026-yil boshidan buyon milliy valyuta kursi 1,5 foizga pasaydi. Shu bilan birga, kunlik tebranuvchanlik darajasi o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshib, o‘rtacha 0,2 foizni tashkil etdi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, ichki valyuta bozori umumiy hisobda keskin tebranishlarsiz shakllanib, almashuv kursining tashqi va ichki omillarga nisbatan moslashuvchanligi ortganini ko‘rsatmoqda.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid