Humo kartalari foydalanuvchilari uchun muhim yangilik e’lon qilindi — SMS-xabarnoma xizmatlari narxi oshirilmaydi va avvalgi darajada saqlanib qoladi. Ushbu qaror foydalanuvchilarning murojaatlari va xizmatning ahamiyati inobatga olingan holda qabul qilingan.
Avvalroq Octotelecom tomonidan 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarlar narxini 168,4 so‘mgacha oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. Biroq Humo to‘lov tizimi operatori — Milliy banklararo protsessing markazi ushbu masala qayta ko‘rib chiqilganini va tarifni o‘zgartirmaslikka qaror qilinganini bildirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya foydalanuvchilardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, amaldagi tarifni saqlab qolish bo‘yicha Octotelecom’ga rasmiy murojaat yuborgan. Qo‘shimcha o‘rganishlar natijasida esa xizmat narxini oshirmaslik bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingan.
Shunga ko‘ra, 1 maydan boshlab 13131 qisqa raqamidan keluvchi har bir SMS-xabar narxi 84,2 so‘m darajasida o‘zgarishsiz qoladi. Bu esa foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuklama yuzaga kelmasligini anglatadi.
Mazkur qaror xizmatdan keng foydalanilayotgani va uning kundalik moliyaviy operatsiyalar monitoringida muhim o‘rin tutishini hisobga olgan holda qabul qilingan. SMS-xabarnomalar orqali foydalanuvchilar karta harakatlari va balans o‘zgarishlari haqida tezkor axborot olish imkoniyatiga ega.