O‘zbekistonda banklar orqali amalga oshiriladigan yirik pul o‘tkazmalari va ayrim moliyaviy operatsiyalar ustidan nazorat yanada kuchaytiriladi. Tegishli qaror 8-may kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, bank hisobvarag‘i ochilmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun tekshiruv chegarasi 206 mln so‘mdan 175 mln so‘mga tushirilmoqda. Mazkur summadan yuqori operatsiyalarda banklar mijozlarni qo‘shimcha ravishda tekshirishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, 10,3 mln so‘m va undan yuqori ichki pul o‘tkazmalarida jo‘natuvchi hamda qabul qiluvchi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilinadi. Jismoniy shaxslar uchun yashash manzili va tug‘ilgan sana, yuridik shaxslar uchun esa STIR ma’lumotlari so‘raladi.
Yangi qoidalarga binoan, voyaga yetmaganlar — 16 yoshga to‘lmagan shaxslar hisobvarag‘ida 16,48 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushishi yoki yechib olinishi ikki ish kuni ichida shubhali operatsiya sifatida baholanishi mumkin.
Bundan tashqari, FATF’ning kuchaytirilgan monitoringidagi davlatlar bilan bog‘liq yirik tranzaksiyalar ham alohida nazoratga olinadi. Xususan, 412 mln so‘m va undan yuqori mablag‘larni bunday davlatlardan olish yoki ularga yuborish shubhali operatsiya sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu bir martalik yoki 30 kun ichidagi bir nechta tranzaksiyalar uchun ham amal qiladi.
Shubhali operatsiyalar aniqlangan taqdirda, banklar 10 ish kuni davomida operatsiya ishtirokchilari, mablag‘ manbasi va tranzaksiyaning mijoz moliyaviy faoliyatiga mosligini o‘rganishi kerak bo‘ladi.
Mazkur tartiblar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 9-avgustdan kuchga kiradi.