Seshanba, 9 Iyun

O‘zbekistonning oltin zaxirasi ilk bor 423 tonnaga yetdi

Bu bir oy avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 307 mln dollarga kam bo‘lsa-da, mamlakat oltin zaxiralari hajmi tarixiy rekordni yangiladi.

2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 70,58 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu bir oy avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 307 mln dollarga kam bo‘lsa-da, mamlakat oltin zaxiralari hajmi tarixiy rekordni yangiladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida xalqaro zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati 61,59 mlrd dollardan 61,44 mlrd dollargacha pasaydi. Bunga jahon bozorida oltin narxlarining tushishi sabab bo‘lgan. Natijada oy davomida zaxiralar qiymati taxminan 1,5 mlrd dollarga kamaygan.

Shunga qaramay, oltinning fizik hajmi o‘sishda davom etdi. Hisobot davrida mamlakat oltin zaxiralari 13,32 mln troy unsiyadan 13,6 mln troy unsiyaga yetdi. Bu taxminan 423 tonnaga teng bo‘lib, O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Xalqaro zaxiralarning asosiy qismi oltin hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 1-iyun holatiga ko‘ra, zaxiralarning qariyb 87 foizi oltin aktivlari hisobidan shakllangan.

Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham kamaydi. Ularning hajmi bir oy ichida 8,72 mlrd dollardan 8,57 mlrd dollargacha qisqardi. Shu bilan birga, Markaziy bankning boshqa markaziy banklar, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa tashkilotlardagi depozitlari 1,25 mlrd dollarni, xorijiy banklardagi mablag‘lari esa 4,57 mlrd dollarni tashkil etdi.

May oyidagi eng sezilarli o‘zgarishlardan biri qimmatli qog‘ozlar portfelida kuzatildi. Ularning qiymati 1,55 mlrd dollardan 2,85 mlrd dollargacha oshib, bir oyda qariyb 1,3 mlrd dollarlik o‘sishni qayd etdi. Bu xalqaro zaxiralarni diversifikatsiya qilish siyosati davom etayotganini ko‘rsatadi.

E’tiborlisi, O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarni 2024-yil iyun oyida atigi 35 mln dollar bilan boshlagan edi. Oradan ikki yil o‘tib, ushbu aktivlar hajmi 2,85 mlrd dollarga yetdi.

So‘nggi bir yil ichida mamlakat xalqaro zaxiralari qariyb ikki baravar oshdi. 2024-yil iyun oyida ular 36,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil iyuniga kelib 70,6 mlrd dollarga yetdi. Bunda oltin narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va oltin zaxiralari hajmining muntazam ortib borishi muhim omil bo‘ldi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid