Payshanba, 26 Noyabr

O‘zbekiston iqtisodiyoti to‘qqiz oyda 8,3 foizga o‘sdi

2026-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston YaIM hajmi 1 755,5 trln so‘mga yetdi. Iqtisodiy o‘sishda xizmatlar va sanoat muhim o‘rin tutdi, aholi jon boshiga YaIM esa real hisobda 6,4 foizga oshdi.

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 1 755,5 trln so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiyot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 8,3 foizga o‘sdi.

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sur’ati 2025-yilning yanvar–sentabr oylaridagi 8 foizlik ko‘rsatkichdan 0,3 foiz punktga yuqori bo‘ldi.

Real o‘sish narxlar o‘zgarishi ta’siri chiqarib tashlangan holda hisoblanadi. Ya’ni 8,3 foizlik ko‘rsatkich iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining amaldagi o‘sishini ifodalaydi.

Iqtisodiy o‘sishga qaysi sohalar hissa qo‘shdi?

Hisobot davrida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida o‘sish qayd etildi. Xizmatlar sohasida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat 831 trln so‘mga yetib, real hisobda 8,9 foizga oshdi.

Xizmatlar tarkibida axborot va aloqa yo‘nalishi yuqori o‘sish sur’atini namoyon etdi — 21,6 foiz. Shuningdek, savdo xizmatlari 17,3 foizga, tashish va saqlash xizmatlari 16,1 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar esa 11,2 foizga o‘sdi.

Sanoatda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat 450,4 trln so‘mni, real o‘sish esa 8,1 foizni tashkil etdi. Ushbu natijaga, asosan, qayta ishlash sanoatining 8,6 foizga o‘sishi hisobiga erishildi.

Qurilish tarmog‘ida yalpi qo‘shilgan qiymat 140,2 trln so‘mga yetdi. Tarmoqda 12,5 foizlik o‘sish kuzatildi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida esa yaratilgan qo‘shilgan qiymat 261,7 trln so‘mni tashkil etib, 4,6 foizga oshdi.

Umumiy iqtisodiy o‘sishga sanoat hamda savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari guruhining har biri 2 foiz punktdan hissa qo‘shdi. Tashish va saqlash, axborot va aloqa yo‘nalishlarining birgalikdagi hissasi 1,4 foiz punktni, qurilishniki esa 1 foiz punktni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga YaIM 44,7 mln so‘mga yetdi

Yanvar–sentabr oylarida aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi 44,7 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 6,4 foizga oshdi.

Aholi jon boshiga YaIM mamlakatda yaratilgan iqtisodiy qiymatning aholi soniga nisbatini ko‘rsatadi. U fuqarolarning o‘rtacha ish haqi yoki shaxsiy daromadi miqdorini anglatmaydi.

Qo‘shilgan qiymatning yarmidan ko‘pi kichik biznes hissasiga to‘g‘ri keldi

Hisobot davrida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan 904,8 trln so‘mlik yalpi qo‘shilgan qiymat yaratildi. Bu iqtisodiyotda yaratilgan jami yalpi qo‘shilgan qiymatning 53,8 foiziga teng.

Kichik biznesning ulushi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 93,2 foizni, qurilishda 75,4 foizni, xizmatlar sohasida 50,9 foizni va sanoatda 29,4 foizni tashkil etdi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi kamaydi

2026-yilning to‘qqiz oyida kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 21,8 foiz bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 23,9 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, uning ulushi 2,1 foiz punktga kamaydi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot muntazam statistik kuzatuvlarda to‘liq yoki qisman qamrab olinmaydigan faoliyatni anglatadi. U uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslarning tegishli faoliyati hamda yashirin iqtisodiyotni o‘z ichiga oladi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, taqqoslash uchun keltirilgan 2022–2025-yillarning yanvar–sentabr ko‘rsatkichlari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalarini hisobga olgan holda qayta baholangan.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid