2027-yildan boshlab har yili o‘tkaziladigan “Startaplar makoni” xalqaro tanlovida 25 ta istiqbolli loyiha tanlab olinadi. G‘oliblarning har biri 200 ming dollargacha investitsiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekistonda umumiy mukofot jamg‘armasi 5 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi “Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qaroriga muvofiq, tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili tashkil etiladi.
Mazkur tashabbus Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.
Dasturning asosiy maqsadi xorijiy startaplar va ularning asoschilarini O‘zbekistonga jalb qilish, ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish hamda mamlakatni Markaziy Osiyodagi yetakchi startap markazlaridan biriga aylantirishdan iborat.
G‘oliblarga 200 ming dollargacha investitsiya ajratiladi
Tanlov doirasida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha innovatsion loyihalar saralab olinadi:
- Sun’iy intellekt — sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan innovatsion yechimlar.
- Ijtimoiy raqamli texnologiyalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlarini raqamlashtirish.
- Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) — moliyaviy xizmatlar va to‘lov tizimlari uchun texnologik yechimlar.
- Kreativ industriya — kompyuter va mobil o‘yinlar hamda kreativ texnologiyalar.
- B2B va sanoat texnologiyalari — korxonalar va sanoat tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar.
Tanlov yakunida 25 ta jamoa g‘olib deb topiladi. Ularning har biriga IT Park direksiyasi huzuridagi venchur jamg‘armasi tomonidan loyihalar chuqur o‘rganilgandan (due diligence) so‘ng 200 ming AQSH dollarigacha investitsiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shunday qilib, tanlov doirasida ajratilishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarning umumiy maksimal hajmi 5 mln dollarni tashkil etadi.
IT Park rezidentlari uchun talablar soddalashtiriladi
Hukumat qarori bilan IT Park faoliyatini tartibga soluvchi nizomga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, IT Park rezidentlari uchun avtomatlashtirish yo‘nalishida ishlab chiqilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini soliq organlarining axborot tizimlariga majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, rezidentlar IT Park direksiyasiga soliq va statistika hisobotlarini, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Ushbu o‘zgarishlar IT Park rezidentlarining ma’muriy yukini kamaytirish va ularning asosiy faoliyatiga ko‘proq e’tibor qaratishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
IT Park rezidentlari uchun yangi faoliyat yo‘nalishlari
Qarorga muvofiq, IT Park rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati ham kengaytiriladi.
Unga quyidagi yangi yo‘nalishlar kiritiladi:
- Buyumlar interneti (IoT) va sun’iy intellekt qurilmalarini ishlab chiqarish va sotish;
- Mikroelektronika va nanoelektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish;
- Intellektual robotlarni ishlab chiqarish va sotish;
- Biznes-farishtalar klublari faoliyati.
Mazkur yangiliklar IT Park doirasida nafaqat dasturiy ta’minot, balki yuqori texnologiyali qurilmalar va innovatsion sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham kengaytirishga xizmat qiladi.
Yangi xalqaro tanlov va IT Park rezidentlari uchun yaratilayotgan qulayliklar O‘zbekistonda venchur investitsiyalar bozorini rivojlantirish, xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb etish hamda mahalliy startaplarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.