Payshanba, 26 Noyabr

Apple, Google va Meta yetakchi: xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘ladi?

2026-yilning to‘qqiz oyida elektron xizmat ko‘rsatuvchi 109 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda 232,8 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Eng katta to‘lovlar Apple, Google va Meta hissasiga to‘g‘ri keldi.

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 109 ta xorijiy kompaniya jami 232,8 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tushumlar o‘tgan yilga nisbatan 85 foizga oshgan.

To‘langan soliqlar hajmi bo‘yicha Apple yetakchilik qilmoqda — kompaniya hisobidan 54,2 mlrd so‘m soliq tushgan. Keyingi o‘rinlarni Google — 52,6 mlrd so‘m va Meta — 46,7 mlrd so‘m bilan egallagan.

Taqdim etilgan raqamlar asosidagi hisob-kitobga ko‘ra, ushbu uch kompaniya jami 153,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu xorijiy elektron xizmat ko‘rsatuvchilardan tushgan umumiy soliqlarning qariyb 66 foizini tashkil etadi.

Eng ko‘p soliq to‘lagan 10 ta xorijiy kompaniya:

  1. Apple — 54,2 mlrd so‘m;
  2. Google — 52,6 mlrd so‘m;
  3. Meta — 46,7 mlrd so‘m;
  4. Valve Corp. — 22,8 mlrd so‘m;
  5. Anthropic — 14 mlrd so‘m;
  6. OpenAI — 10 mlrd so‘m;
  7. Midasbuy — 4,8 mlrd so‘m;
  8. Booking.com — 4,2 mlrd so‘m;
  9. TikTok — 2,4 mlrd so‘m;
  10. Anysphere — 2,2 mlrd so‘m.

Ro‘yxatda sun’iy intellekt xizmatlarini taqdim etuvchi Anthropic va OpenAI ham bor. Ular hisobot davrida birgalikda 24 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslarining hisobot topshirish va soliq to‘lash tartibi Soliq kodeksining 281-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, soliq hisobotlari o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi. Soliq to‘lovi ham shu muddatdan kechiktirmay amalga oshirilishi lozim.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid