O‘zbekiston Markaziy banki yana to‘rtta tijorat bankiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etdi. Shu tariqa, mamlakatda bunday litsenziyaga ega banklar soni beshtaga yetdi.
Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 18-noyabrdagi tegishli qarorlariga muvofiq, quyidagi banklar islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi:
- “Ipak Yo‘li” aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki;
- “Asia Alliance Bank” aksiyadorlik tijorat banki;
- “Orient Finans” xususiy aksiyadorlik tijorat banki;
- “Hayot Bank” aksiyadorlik jamiyati.
Mazkur litsenziyalar banklarga “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 5¹-moddasida belgilangan islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.
Islomiy banklar qanday xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, islomiy bank faoliyati an’anaviy foizli kreditlashdan farqli ravishda, savdo, ijara, sheriklik va foydani taqsimlash kabi moliyalashtirish mexanizmlariga asoslanadi.
Banklar tegishli litsenziya asosida quyidagi operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin:
- Murobaha — tovarlarni ustama narx bilan nasiyaga sotish orqali mijozlarni moliyalashtirish.
- Muzoraba — foydani taqsimlash sharti asosida moliyalashtirish yoki investitsiyaviy omonatlarni jalb etish.
- Mushoraka — sheriklik yoki ustav kapitalida ishtirok etish orqali moliyalashtirish.
- Ijara — mol-mulkni islomiy ijara asosida, jumladan, keyinchalik sotib olish huquqi bilan foydalanishga berish.
- Salam — tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish.
- Vakala — vakillik shartnomasi asosida mablag‘larni boshqarish yoki investitsiyaviy omonatlarni jalb etish.
Ushbu mexanizmlar aholiga va tadbirkorlarga moliyalashtirishning muqobil shakllaridan foydalanish imkonini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziya 2026-yil 23-oktabrda Markaziy bank boshqaruvining 28/1-sonli qarori bilan Open Bank aksiyadorlik jamiyatiga berilgan.
Bank 1-I-sonli litsenziyani qo‘lga kiritgan bo‘lib, bu mamlakatda islomiy bank faoliyatini litsenziyalashning dastlabki bosqichi hisoblanadi.
2026-yil 18-noyabrda yana to‘rtta bankning ushbu ro‘yxatga qo‘shilishi natijasida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega tijorat banklari soni beshtaga yetdi.
Islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslari
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishning huquqiy asoslari 2026-yil 27-martda qabul qilingan O‘RQ-1126-sonli qonun bilan belgilangan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, tijorat banklari tegishli litsenziyalar asosida an’anaviy va islomiy bank faoliyatini birgalikda olib borishi mumkin.
Bunda islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish uchun alohida litsenziya talab etiladi.
Yangi tartib moliyaviy xizmatlar turlarini kengaytirish, aholining muqobil moliyalashtirish vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda O‘zbekistonda islomiy moliya bozorini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, litsenziya berilishi bankning barcha islomiy moliya mahsulotlari darhol mijozlarga taklif etilishini anglatmaydi. Muayyan xizmatlarning mavjudligi va shartlarini bankning o‘zidan aniqlashtirish lozim.
Markaziy bank fuqarolarga bank xizmatlaridan foydalanishdan oldin tanlangan bankning tegishli litsenziyaga egaligini rasmiy cbu.uz sayti orqali tekshirishni tavsiya etadi.