Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2025-yil 27-avgustdagi qaroriga muvofiq, “Yevroosiyo Banki” aksiyadorlik jamiyatidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olindi.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, bank tomonidan ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talablarga muvofiqlashtirilmagani hamda banklar faoliyatiga oid boshqa talablar bajarilmagani aniqlangan.
Shu bois, amaldagi qonunlarga asosan bankni majburiy tugatish va tugatish komissiyasini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Ma’lumot uchun:
Markaziy bank tomonidan “Yevroosiyo Banki” AJga O‘zbekistonda bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya 2024-yil 11-yanvarda berilgan edi.
Eurasian Bank Qozog‘istondagi yirik xususiy banklardan biri bo‘lib, chakana bank xizmatlari, korporativ kreditlash, xalqaro to‘lovlar, kartochka xizmatlari, omonatlar va boshqa moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatadi.
Bankning Qozog‘iston bo‘ylab 200 dan ortiq filial va bo‘linmalari mavjud.
2024-yil oxiri holatiga ko‘ra, “Yevroosiyo Banki”ning aktivlari 3 trillion tenge dan ortiqni tashkil etgan. Bank kapitali qariyb 300 milliard tenge bo‘lib, mijozlari soni 2 milliondan ortiq jismoniy shaxs va yuzlab korporativ kompaniyalarni qamrab olgan.