Shanba, 11 Oktabr

1-oktabrdan moped va skuterlar uchun guvohnoma va davlat raqami majburiy bo‘ladi

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) 1-oktabrdan boshlab moped va skuter egalari uchun yangi tartib kuchga kirishini eslatdi. Endilikda ushbu transport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va haydovchilar “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi shart.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasi moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini 30-sentabrgacha uzaytirgan edi. Dastlab haydovchilik guvohnomasi talabi 2025-yil mart oyidan kuchga kirishi belgilangan bo‘lsa-da, yangi qarorga ko‘ra, bu majburiyat 1-oktabrdan amalda bo‘ladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab etiladigan hujjatlar:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat (zarur hollarda ishonchnoma bilan);
  • belgilangan namunadagi ariza;
  • transport vositasining texnik tavsiflari (agar mavjud bo‘lsa);
  • mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat yoki xarid hujjati;
  • davlat boji va yig‘imlar to‘langanini ko‘rsatuvchi kvitansiya.

2024-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi moped va skuterlar uchun davlat raqamlarini joriy etgan edi. Shu asosda, IIV va Texnik tartibga solish agentligi texnik reglamentlarni ishlab chiqishi belgilangan.

Dekabr oyida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning buyrug‘iga ko‘ra, moped va skuterlar uchun davlat raqami belgilarini berish yig‘imi BHMning 1,5 baravari — 562,5 ming so‘m qilib belgilandi. Yil yakunidan boshlab esa YHXX skuter, elektroskuter va elektromototsikllar uchun ham raqam berishni boshlagan.

YHXX fuqarolarni hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishga va belgilangan qoidalarga amal qilishga chaqirmoqda. 2025-yildan ro‘yxatdan o‘tmagan moped va skuterlarni boshqarish taqiqlanadi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid