Agar Tesla aksiyadorlari Ilon Mask uchun 1 trillion dollarlik aksiyalar ko‘rinishidagi kompensatsiya paketini ma’qullamasa, u kompaniya bosh direktori lavozimini tark etadi. Bu haqda Tesla kuzatuv kengashi raisi Robin Denholm aksiyadorlarga yo‘llagan maktubida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Financial Times.
Kuzatuv kengashi Maskning kamida 2030-yilgacha kompaniyani boshqarishda davom etishini istamoqda. Ularning fikricha, bu omil Tesla’ning muvaffaqiyati uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Denholmning so‘zlariga ko‘ra, agar Mask mukofot olmasa va kompaniyani tark etsa, “Tesla sun’iy intellekt va avtonom boshqaruv texnologiyalarida global yetakchilikka intilayotgan bir paytda uning iste’dodi va qarashlarini yo‘qotadi”.
Mask uchun mo‘ljallangan mukofot masalasi 6-noyabr kuni o‘tkaziladigan aksiyadorlar yig‘ilishida muhokama qilinadi. Taklifga ko‘ra, 1 trillion dollarlik mukofot Maskka bosqichma-bosqich, kompaniya ma’lum moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlarga erishgan taqdirda, aksiyalar shaklida beriladi.
Agar Tesla kapitalizatsiyasi 2035-yilga borib 8,5 trillion dollarga yetgan taqdirda, Maskga jami 423 743 904 dona aksiyani 12 bosqichda olish imkoniyati yaratiladi.
Ma’lumot uchun, Ilon Mask 2018-yilda o‘zining maoshi va mukofotlaridan voz kechgan, o‘rniga esa kompaniya belgilangan natijalarga erishganida beriladigan aksiyalar opsionini tanlagan edi. O‘tgan o‘n yil ichida Tesla kapitalizatsiyasi 59,1 milliard dollardan 668,9 milliard dollarga (2020-yilda) oshgan. 2025-yil boshidan esa kompaniya qiymati yana 12 foizga o‘sib, 1,5 trillion dollarga yetgan.