Yakshanba, 9 Noyabr

Nvidia dunyoda kapitalizatsiyasi $5 trillionga yetgan birinchi kompaniya bo‘ldi

2025-yil 29-oktabr savdolari ochilishi bilan Nvidia aksiyalari qariyb 5 foizga oshib, bir dona aksiya narxi $211 ga yetdi. Shu tariqa kompaniya tarixda ilk bor bozor qiymati $5 trilliondan oshgan korporatsiyaga aylandi.

Bir kun avval Nvidia rahbari Jensen Xuang kompaniya “Blackwell va Rubin” avlodlari orasidagi chiplar sotuvi hajmi $500 milliardga yetishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u AQSh hukumati uchun yettita superkompyuter qurish rejalashtirilayotganini ham bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil iyunida Nvidia’ning bozor qiymati ilk bor $1 trillionga yetgan, bu esa sun’iy intellektni o‘qitish uchun protsessorlarga bo‘lgan talabning keskin ortishi bilan bog‘liq edi. 2024-yilga kelib kompaniya qiymati uch barobar oshib, Apple va Microsoft’ni ortda qoldirdi.

2025-yil boshidan buyon Nvidia aksiyalari narxi yana 50 foizga oshdi. Iyul oyida kompaniya kapitalizatsiyasi $4 trillionni bosib o‘tgan edi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Nvidia aksiyalarining o‘sishi investorlar ishonchining yuqoriligidan dalolat beradi. Ularning fikricha, sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talab yaqin yillarda ham o‘sishda davom etadi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid