Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tushumlarini hududlar o‘rtasida taqsimlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov deputatlarga axborot berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda QQSdan tushgan mablag‘larning ma’lum ulushi bevosita mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi. Bungacha QQS tushumlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlar byudjetiga o‘tgani bois, tuman va shaharlar moliyaviy imkoniyatlari cheklangan edi.
Yangi tizim quyidagi tartibni nazarda tutadi:
- Toshkent shahri uchun – QQS tushumlarining 5 foizi poytaxt mahalliy byudjeti hisobiga yo‘naltiriladi;
- Qolgan viloyatlar uchun – QQS tushumlarining 20 foizi viloyatlar byudjetlariga ajratiladi;
- Yirik soliq to‘lovchilar Prezident qaroriga asosan ushbu tartibdan mustasno bo‘ladi.
Mahalliy byudjetlarga ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi tuman va shaharlar byudjetlariga o‘tkazilishi shart qilib belgilandi. Bu o‘zgarish hududlarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o’tamiz, yilning birinchi yarmida soliq to‘lovchilarga 8,8 trln so‘mdan ortiq QQS qaytarilgandi.