So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetovning qo‘l soati keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar uning qo‘lida mashhur va qimmatbaho Patek Philippe Calatrava rusumidagi soat borligini taxmin qilib, uning narxini qariyb 27,7 ming yevro deb baholashdi.
Mazkur taxminlar 2021-yilda olingan intervyu lavhalari asosida paydo bo‘lgan.

O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati ushbu xabarlarni rasman rad etdi. Regulyatorga ko‘ra, Timur Ishmetov qimmatbaho hashamatli soat emas, balki Tissot brendiga mansub ancha oddiy modeldan foydalanadi.
Ta’kidlanishicha:
- Intervyu vaqtida taqilgan soat narxi $300–$350 atrofida bo‘lgan
- Ushbu model hashamatli segmentga kirmaydi
- Soat noto‘g‘ri talqin qilingan
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ham shu turdagi Tissot soatlari:
- xalqaro savdo maydonchalarida $500 dan oshmaydi
- chegirmalar bilan esa $300 dan biroz yuqori narxda xarid qilish mumkin
Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yuqori narx haqidagi taxminlarni inkor etadi.
Bu yolg’iz holat emas
E’tiborlisi, bu kabi holatlar so‘nggi paytlarda tobora ko‘proq uchramoqda va deyarli bir xil ssenariy asosida rivojlanmoqda — ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan taxminlar, tezkor xulosalar va keyinchalik rasmiy izohlar.
Xususan, o‘tgan hafta Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ham shunga o‘xshash vaziyat markazida qoldi.
Kudbiyevning aksessuari bilan bog‘liq muhokamalar uning yig‘ilishlardan birida ko‘rinish berishi ortidan boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol blogerlar va foydalanuvchilar soat modelini taxminan aniqlashga urinib, uni lyuks segmentga mansub — xususan, Vacheron Constantin Overseas yoki Breguet Marine turkumiga o‘xshatishdi. Shu asosda aksessuar qiymati qariyb 50 ming dollar atrofida deb baholandi.
Sherzod Kudbiyevning javobi
Muhokamalar boshlanganidan bir hafta o‘tib, Sherzod Kudbiyev videomurojaat e’lon qildi va unda javobning kechikishi ish hajmining ko‘pligi hamda “stress” bilan bog‘liqligini aytdi.
Nega bu mavzu shu qadar tez yoyilmoqda?
Amaldorlarning soati atrofidagi munozaralar tasodifiy emas. Ijtimoiy adolat va shaffoflikka bo’lgan talab kuchayib borayotgan bir paytda, fuqarolar davlat xizmatchilarining turmush darajasiga yanada ko’proq e’tibor qaratmoqda. Bir tomonda — Markaziy bankning tezkor va ochiq munosabati ijobiy signal. Ikkinchi tomonda — aniq, rasmiy mulkiy deklaratsiya tizimlari bo’lmasa, bunday shubhalar qayta-qayta ko’tarilishi muqarrar.