Hamkorbank ustav kapitalidagi davlat ulushining bir qismi birja savdolariga qo‘yildi. Bu haqda Toshkent Respublika fond birjasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, savdoga bank kapitalining 0,004 foiziga teng bo‘lgan 4,92 million dona oddiy aksiya chiqarilgan. Mazkur jarayon 2025-yil 21-apreldagi Prezident farmoni (PF-70) ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Aksiyalar uchun boshlang‘ich narx 56,51 so‘m etib belgilangan. Shu asosda umumiy paketning boshlang‘ich qiymati 278,52 million so‘mni tashkil qilmoqda. Savdolar 4 920 000 lot ko‘rinishida taklif etiladi.
Birja savdolari Toshkent Respublika fond birjasi platformasida 2026-yil 20-maydan boshlanadi. Investorlar arizalarini litsenziyaga ega investitsiya vositachilari orqali yuborishlari mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, savdolar eng yuqori narxni taklif qilgan ishtirokchi foydasiga yakunlanadi. Unda mahalliy va xorijiy investorlar teng huquqlarda ishtirok etish imkoniga ega.