O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2026-yil 29-apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inflyatsiya pasayishda davom etmoqda: mart oyida yillik ko‘rsatkich 7,1 foizni tashkil etdi, yil yakuniga borib esa 6,5 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. Bazaviy inflyatsiya darajasi 5,7 foiz bo‘ldi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar to‘liq yo‘qolmagan. Narxlar o‘sishining sekinlashuvi sustlashgani, tashqi omillar – xususan, jahon bozorida oziq-ovqat va energiya narxlarining oshishi xavfi saqlanib qolayotgani qayd etildi.
2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda davom etdi – yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga o‘sdi. Xizmatlar, savdo va qurilish sohalaridagi faollik yuqori ichki talabni shakllantirmoqda. Shu fonda yillik iqtisodiy o‘sish prognozi 7–7,5 foizgacha oshirildi.
Markaziy bankka ko‘ra, amaldagi qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik maqsad darajasiga bosqichma-bosqich pasaytirish uchun zarur. Real ijobiy foiz stavkalari aholi jamg‘armalarini qo‘llab-quvvatlab, kreditlash sur’atlarini muvozanatlashtirishga xizmat qilmoqda.
Regulyator inflyatsion kutilmalar, ichki talab va tashqi xatarlarni kuzatishda davom etadi. Zarur holatlarda pul-kredit siyosati yanada qat’iylashtirilishi mumkin.
Navbatdagi asosiy stavka bo‘yicha yig‘ilish 2026-yil 17-iyun kuni o‘tkaziladi.