Chorshanba, 13 May

Fuqarolarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish taklif etildi

Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish va tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida qulayliklarni oshirish, ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda qayd etilishicha, bugungi kunda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarning katta qismi naqdsiz shaklga o‘tayotgani sababli bank infratuzilmasini rivojlantirish, komissiyalarni maqbullashtirish hamda iste’molchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarur.

Xususan, jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish taklif etildi. Shu bilan birga, naqdsiz to‘lovlarning aholi uchun qulay shakllarini kengaytirish va kundalik hayotda ularning ulushini oshirish muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

Alohida e’tibor umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilg‘i savdosi sohalariga qaratildi. Bu yo‘nalishlarda xarid cheklari asosida hisoblangan keshbeklarni tezkor qaytarish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu esa iste’molchilar uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratadi.

Bank operatsiyalarida xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Hozirda amal qilayotgan antifrod SMS-xabarnomalar bo‘yicha xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi. Ularning o‘rniga mobil ilovalardagi push-xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi zamonaviy va arzonroq yechimlardan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Soliq ma’murchiligi yo‘nalishida ham muhim o‘zgarishlar taklif qilindi. Jumladan, soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizolarni bartaraf etish, shuningdek penya miqdori asosiy qarzdan oshib ketmasligini belgilash rejalashtirilmoqda. Bu tadbirkorlar zimmasidagi ortiqcha moliyaviy bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, chek bermaslik bo‘yicha xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilishning oldini olish hamda QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import jarayonida takrorlanuvchi hujjatlarni qisqartirish taklif etildi. Shuningdek, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulay sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi. Milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda faol targ‘ib qilishda O‘zekspomarkaz imkoniyatlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlik faoliyatida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish zarurligini alohida ta’kidladi. Raqamlashtirish esa biznes uchun qo‘shimcha yuk emas, balki qulaylik yaratadigan vosita bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay muhit yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid