Chorshanba, 13 May

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari aprel oyida qariyb 2 mlrd dollarga oshdi

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 70,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyi davomida zaxiralar 1,9 mlrd dollarga ko‘paygan.

Hisobotga ko‘ra, o‘sishning asosiy omillaridan biri xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari hajmining oshgani bo‘ldi. Xususan, naqd valyuta va depozitlar miqdori bir oyda 1,15 mlrd dollarga ortib, 7,17 mlrd dollarga yetgan. Natijada mamlakatning umumiy xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 8,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Shuningdek, qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi ham oshishda davom etdi. Aprel yakuniga ko‘ra, zaxiradagi qimmatli qog‘ozlar qiymati 1,55 mlrd dollarga yetgan.

Oltin zaxiralari hajmi esa biroz qisqardi. Oy davomida zaxiradagi oltinning fizik hajmi 1,2 tonnaga kamayib, 414,3 tonnani tashkil etdi. Shunga qaramay, jahon bozorida oltin narxining ko‘tarilishi hisobiga uning umumiy qiymati oshgan.

Xususan, aprel oyida oltinning bir troya unsiyasi narxi 4554 dollardan 4626 dollargacha ko‘tarilgan. Natijada O‘zbekiston zaxirasidagi oltin qiymati 743,6 mln dollarga oshib, 61,6 mlrd dollarga yetgan.

Ma’lumot uchun, mart oyida jahon bozorida oltin narxining keskin pasayishi oqibatida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 8,1 mlrd dollarga kamaygan edi. Aprel oyidagi o‘sish esa zaxiralar hajmini yana rekord darajaga yaqinlashtirdi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid