Yakshanba, 28 Iyun

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafi uchun maxsus esdalik tangalar muomalaga chiqarildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining FIFA Jahon chempionati – 2026 musobaqasidagi tarixiy ishtirokini abadiylashtirish maqsadida maxsus esdalik tangalarni muomalaga chiqardi. Tangalar 999,9 probali sof oltin va kumushdan zarb etilgan bo‘lib, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan.

Ma’lum qilinishicha, esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi tasviri hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida – 2026” yozuvi aks ettirilgan. Ushbu elementlar milliy terma jamoaning ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma olgani va O‘zbekiston futboli tarixida yangi sahifa ochilganini ifodalaydi.

Tangalar dizaynida muxlislar orasida “Oq bo‘rilar” nomi bilan mashhur bo‘lgan milliy terma jamoa ramziga ham alohida o‘rin berilgan. Revers qismidagi bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va taslim bo‘lmas xarakterini anglatadi. Shuningdek, ushbu tasvir tarkibida 26 nafar futbolchi silueti mujassam bo‘lib, tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati samarasi ekanini ko‘rsatadi.

Tangalar dizaynida milliy terma jamoa libosidagi naqshlardan ham foydalanilgan. Ular qadimiy obidalarimiz devorlaridagi bezaklardan ilhomlangan bo‘lib, xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini ifoda etadi. Shu tariqa futbol, milliy g‘urur va ajdodlar merosi yagona kompozitsiyada uyg‘unlashtirilgan.

31,1 gramm og‘irlikdagi tangalar yuqori badiiy va kolleksion qiymatga ega. Markaziy bank tomonidan 100 dona oltin va 1000 dona kumush tanga zarb etilgan.

Esdalik tangalari savdosi 18-iyundan boshlab mamlakat bo‘ylab 690 ta tijorat banki filiallarida yo‘lga qo‘yiladi. Tangalarning narxlari hamda banklardagi mavjudligi haqidagi yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har kuni e’lon qilib boriladi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid