Seshanba, 1 Sentabr

Valyuta bozorida nimalar o‘zgaradi? Markaziy bank javob berdi

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, strategiyani e’lon qilishdan asosiy maqsad — Markaziy bankning valyuta bozoridagi ishtiroki sabablarini bozor ishtirokchilariga yanada aniqroq tushuntirish va siyosat shaffofligini oshirish.

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta bozoridagi intervensiyalarini amalga oshirish tamoyillarini belgilovchi strategiyani yaqin orada e’lon qiladi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan Silk Road Finance & Technology Forum’da ma’lum qildi.

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, strategiyani e’lon qilishdan asosiy maqsad — Markaziy bankning valyuta bozoridagi ishtiroki sabablarini bozor ishtirokchilariga yanada aniqroq tushuntirish va siyosat shaffofligini oshirish.

Intervensiyalar kursni ushlab turish uchun emas

Timur Ishmetov Markaziy bank suzuvchi valyuta kursi rejimiga o‘tganini eslatdi. Shu bilan birga, regulyatorning valyuta bozoridagi faoliyati ayrim savollarni keltirib chiqarayotganini qayd etdi.

Buning asosiy sabablaridan biri Markaziy bankning oltin bozoridagi yirik xaridorlardan biri ekani bilan bog‘liq. Oltin xaridlarini amalga oshirish jarayonida katta hajmdagi xorijiy valyuta sotiladi. Bu esa milliy valyutadagi ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish zaruratini yuzaga keltiradi.

Markaziy bank rahbariga ko‘ra, yangi strategiya orqali valyuta intervensiyalari milliy valyuta kursini ma’lum darajada ushlab turish maqsadida emas, balki, jumladan, oltin xaridlari bilan bog‘liq operatsiyalar doirasida amalga oshirilishini tushuntirish ko‘zda tutilgan.

Markaziy bank shaffoflikni oshirmoqchi

Ishmetov Markaziy bank faoliyatida shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ham ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy banklar shaffofligi kodeksi doirasida O‘zbekiston Markaziy banki faoliyatini baholashni yakunlagan. Mazkur baholash natijalarini ham jamoatchilikka e’lon qilish rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank rahbari ushbu texnik yordamni regulyatorning o‘zi so‘raganini bildirib, bu orqali mavjud amaliyotlarni baholash va bozor bilan muloqotni yanada yaxshilash imkoniyatlari aniqlanganini qayd etdi.

Kapital harakati bo‘yicha ham yangi bosqichlar ochiqlanadi

Forumda kapital harakati hisobini yanada liberallashtirish masalasi ham tilga olindi.

Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish ketma-ketligi ham yakuniy bosqichda. Markaziy bank kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab, ularni jamoatchilikka e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

Shunday qilib, regulyator valyuta intervensiyalari, kapital harakati va boshqa yo‘nalishlardagi siyosatini ochiqroq tushuntirish orqali bozor ishtirokchilarining Markaziy bank qarorlari va harakatlarini yaxshiroq tushunishiga sharoit yaratishni maqsad qilmoqda.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid