O‘zbekiston ichki valyuta bozorida almashuv kursini shakllantirish va e’lon qilish tartibi takomillashtiriladi. Yangi amaliyot 2026-yil 15-sentabrdan boshlab joriy etiladi.
Rasmiy kurs qanday hisoblanadi?
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy valyuta almashuv kurslari faqat valyuta birjasida amalga oshirilgan bitimlar asosida emas, balki banklararo birjadan tashqari valyuta bozoridagi bitimlar ham hisobga olingan holda shakllantiriladi.
Ya’ni, rasmiy kursni belgilashda:
- valyuta birjasidagi bitimlar;
- banklararo birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlar
bo‘yicha ma’lumotlar birgalikda inobatga olinadi.
Rasmiy almashuv kursi ushbu bitimlarning o‘rtacha tortilgan kursi asosida hisoblab chiqiladi.
Nima o‘zgaradi?
Yangi tartib rasmiy valyuta kursini hisoblashda ichki valyuta bozoridagi bitimlarni yanada kengroq qamrab olish imkonini beradi.
Natijada rasmiy kursning ichki valyuta bozoridagi real holatni yanada aniqroq aks ettirishi ko‘zda tutilmoqda.
Dam olish kunlarida-chi?
Dam olish kunlari uchun ham yangi amaliyot joriy qilinadi.
Shanba va yakshanba kunlari uchun alohida yangi rasmiy kurs hisoblanmaydi. Bunday kunlarda oxirgi ish kuni uchun Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan rasmiy almashuv kurslaridan foydalaniladi.
Shunday qilib, 15-sentabrdan boshlab rasmiy valyuta kursini shakllantirishda bozorning kengroq ko‘rsatkichi hisobga olinadi va dam olish kunlaridagi kurslarni qo‘llash tartibi ham aniq belgilanadi.