Markaziy bank aholi va tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda tijorat banklarining o‘rnini baholovchi moliyaviy ommaboplik reytingini ishlab chiqmoqda.
Reyting orqali banklarning aholi hamda mikro, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish borasidagi faoliyati taqqoslanadi. Bunda xizmatlarning qulayligi, xavfsizligi va sifatiga e’tibor qaratiladi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, reytingni ishlab chiqish doirasida tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruh bilan baholash metodikasi va mezonlari muhokama qilingan.
2026-yil 30-oktabr kuni tijorat banklari bilan o‘tkazilgan muhokamada reytingni shakllantirish metodologiyasi, baholash mezonlari hamda dastlabki hisob-kitob natijalari yuzasidan fikr almashilgan.
Shuningdek, reyting ko‘rsatkichlarini hisoblashda foydalanilgan ma’lumotlar va ularning aniqligi ko‘rib chiqilgan. Baholash jarayonini yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilingan.
Reytingning asosiy maqsadi — moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish.