Yandex Uzbekistan 2026-yil oxirigacha Toshkentda Yandex Lavka buyurtmalarini robotlar yordamida yetkazib berishni boshlashni rejalashtirmoqda. Hozirda robot-kuryerlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Bu haqda Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov Kun.uz nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yil yakunigacha robotlar orqali yetkazib berish xizmatini ishga tushirishga umid qilmoqda. Hozirda qurilmalar zarur sinov bosqichlaridan o‘tmoqda.
Robotlar 2 kilometrgacha masofaga buyurtma yetkazadi
Robot-kuryerlar oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor taomlar va kundalik ehtiyoj tovarlarini yetkazib berishga mo‘ljallangan. Ular piyodalar tezligida harakatlanadi va 2 kilometrgacha bo‘lgan masofada xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Yetkazib berish yo‘nalishlari buyurtmalarni belgilangan vaqtda yetkazish imkoniyatidan kelib chiqib tanlanadi. Mijozlar esa ilova orqali buyurtmaning taxminiy yetib kelish vaqtini kuzatishlari mumkin.
Robotlar to‘siqlarni mustaqil aniqlaydi
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, robotlar harakatlanish jarayonida lidar va ultratovush datchiklaridan foydalanadi.
Ushbu texnologiyalar yordamida qurilmalar svetofor signallarini aniqlaydi, atrofdagi obyektlarning harakatini oldindan baholaydi, xavfsiz yo‘nalish tanlaydi va to‘siqlarni aylanib o‘tadi.
Robotlar aksariyat vaziyatlarni mustaqil hal qila oladi. Murakkab yoki nostandart holatlarda esa masofaviy operator yordamiga murojaat qiladi.
Kompaniya robotlarni qo‘l bilan ko‘tarish yoki joyidan siljitmaslikni tavsiya etmoqda. Zarurat tug‘ilganda qurilma korpusidagi QR-kod orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish mumkin.
Xizmat boshqa yo‘nalishlarga ham kengaytirilishi mumkin
Yandex Uzbekistan tajriba loyihasi natijalariga qarab, robot-kuryerlardan ekotizimning boshqa servislarida ham foydalanishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, robotlar orqali yetkazib berish xizmatini boshqa kompaniyalarga taklif etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil iyul oyida Toshkent ko‘chalarida dastlabki yetkazib beruvchi robotlar paydo bo‘lgan edi. O‘shanda kompaniya qurilmalar Yandex Lavka buyurtmalarini yetkazib berish maqsadida sinovdan o‘tkazilayotganini tasdiqlagan.