O‘zbekistonda 2026-yil 25-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Arizalar subsidiya to‘lashning belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida ilgari taqdim etilgan, biroq amal qilish muddati davomida foydalanilmagan subsidiya xabarnomalari hisobidan qabul qilinadi.
Subsidiya olish uchun qanday talablar mavjud?
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish istagidagi fuqarolar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- Ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasida 30 yoki undan yuqori ball to‘plash;
- Kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos bo‘lishi;
- Ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning hech bir hududida mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasligi;
- O‘rtacha oylik daromadi belgilangan ijtimoiy mezonlar doirasida bo‘lishi.
Subsidiya olish uchun ballar qanday hisoblanadi?
Ariza beruvchilar o‘rtacha oylik daromadi, turar joy maqomi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga mansubligi asosida baholanadi.
1. O‘rtacha oylik daromad
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda:
- Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) 2,7 baravaridan 7 baravarigacha (chegaralar ham kiradi) — 10 ball;
- MHTEKMning 7 baravaridan yuqori, 8 baravarigacha — 5 ball.
Toshkent shahrida:
- MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (chegaralar ham kiradi) — 10 ball;
- MHTEKMning 8 baravaridan yuqori, 9,2 baravarigacha — 5 ball.
2. Hozirgi turar joy maqomi
Ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida respublikaning barcha hududlari bo‘yicha mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasa — 20 ball beriladi.
3. Ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar
Quyidagi toifalarga mansub fuqarolarga qo‘shimcha ball beriladi:
- “Xorijda ish” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlari — 10 ball;
- Olis hududga kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar, tibbiyot xodimlari yoki tegishli professional ta’lim o‘qituvchilari — 5 ball;
- 30 yoshdan oshmagan fuqarolar — 5 ball;
- Ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar — 5 ball;
- “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” modulida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar — 5 ball.
Daromad yoki turar joy maqomi bo‘yicha ball olmagan fuqarolarga subsidiya ajratilmaydi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar bo‘yicha esa faqat bitta mezon uchun ball beriladi.
Arizani qanday topshirish mumkin?
Fuqarolar ipoteka subsidiyasi olish uchun quyidagi usullardan biri orqali ariza topshirishlari mumkin:
- Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish;
- myGov mobil ilovasi orqali;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali.
Harbiy tuzilmalar xodimlari davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilgan holda ariza topshirishlari mumkin.
Ariza topshirishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerak?
Ariza beruvchi OneID tizimida shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklariga kredit tarixini baholash uchun tegishli ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, kredit tarixini olishga nisbatan vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak.
Aks holda, tijorat banklari ariza beruvchining kredit tarixini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi va bu arizaning rad etilishiga sabab bo‘ladi.
Dasturda qaysi banklar ishtirok etadi?
Subsidiyali ipoteka kreditlarini ajratish dasturida quyidagi 15 ta tijorat banki ishtirok etadi:
- Agrobank;
- Aloqabank;
- Asakabank;
- Asia Alliance Bank;
- Biznesni rivojlantirish banki (BRB);
- Hamkorbank;
- Ipak Yo‘li banki;
- Ipoteka-bank (OTP Group);
- Mikrokreditbank;
- Orient Finans bank;
- Trastbank;
- Turonbank;
- Xalq banki;
- O‘zmilliybank (NBU);
- O‘zsanoatqurilishbank (SQB).
Subsidiya olishni rejalashtirayotgan fuqarolarga arizalar qabuli boshlanishidan oldin belgilangan mezonlarga muvofiqligini, kredit tarixi holatini hamda OneID tizimidagi tegishli ruxsatlarni tekshirib olish tavsiya etiladi.