Shanba, 18 Aprel

Ochiqlik indeksi–2025: Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari «yopiq» tashkilotlar roʻyxatidan joy oldi

2022-yildagi ilk baholash natijalari bilan taqqoslaganda sezilarli ijobiy o‘zgarish kuzatilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik darajasi bo‘yicha 2025-yil yakunlari e’lon qilindi. Mazkur baholash PF-154-son Prezident farmoniga muvofiq amalga oshirilib, tizim 2022-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda.

2025-yil yakunlari bo‘yicha jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Baholash jarayoni 8 ta indikator va 84 ta mezon asosida olib borildi. Unda tashkilotlarning axborot ochiqligi, jamoatchilik bilan ishlash sifati, hisobot berish amaliyoti hamda raqamli platformalardan foydalanish darajasi inobatga olindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.

2022-yildagi ilk baholash natijalari bilan taqqoslaganda sezilarli ijobiy o‘zgarish kuzatilgan. Xususan, “yashil” toifadagi tashkilotlar soni 3,5 barobarga oshgan bo‘lsa, “sariq” toifadagilar 2 barobar, “qizil” toifadagilar esa 3 barobarga kamaygan.

Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zavtosanoat” AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.

Xususan, Adliya vazirligi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida yetakchi tashkilotlardan biri sifatida e’tirof etildi. Vazirlik tizimida ochiq va ishonchli axborot makonini shakllantirish, jamoatchilik bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatlari jarayonida shaffoflikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar orqali ochiqlikni oshirish borasidagi ishlar yuqori baholandi.

Shu bilan birga, ayrim tashkilotlar past natija ko‘rsatgan. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, hududiy miqyosda Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari “qizil” toifada baholangan.

Umuman olganda, mamlakatda ochiqlikni ta’minlash borasidagi islohotlar natijasida yuqori natija qayd etayotgan tashkilotlar soni ortib bormoqda. Bu esa davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Agentlik tomonidan kelgusida baholash jarayonlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, 2026-yilning ikkinchi yarmidan boshlab sinov tariqasida Navoiy viloyatining tuman va shahar hokimliklari hamda tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi index.anticorruption.uz platformasi orqali baholash ko‘zda tutilmoqda.

“Ochiqlik indeksi” davlat organlari faoliyatini baholashda muhim mexanizm sifatida ularning ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik oldida hisobdorlik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid